Yelena Ilyunina. Bir qarashda kamtar, shirin so‘z ammo, ishga kelganda o‘ta talabchan hamkasbimiz “O‘zenergosozlash” MCHJ metallar va bug‘ quvurlari sexi 5-darajali laborant metallografi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Qahramonimizning sohaga kirib kelganiga bu yil 42 yil to‘ldi.
-Taqdirni qarangki, maktabni bitirishim bilan ishlashga to‘g‘ri keldi. Ish izlab bosgan yo‘llarim meni shu korxonamizga yetaklab keldi. Birinchi kunning o‘zidanoq menga ish yoqib qoldi. Ahil jamoa, laboratoriyadagi qiziqarli jarayonlar, xizmat safarlari, paxta, sabzavot va pichan terimlari, bir so‘z bilan aytganda hammasi huddi kattalar hayotidek. Maktabni endigina bitirgan qiz uchun bularning bari qanchalar qiziqarli bo‘lganini tushunayotgandirsiz. Jamoadagi ustozlarim juda yaxshi insonlar edi, qo‘limdan tutib ishning barcha sir-sinoatini o‘rgatishdi. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi. Shu-shu ishda qolib ketdim. Sababi, esa men ishim bilan bog‘liq hamma narsani chin yurakdan yaxshi ko‘rib qolgan edim. Keyinroq soham bo‘yicha o‘qish istagim bo‘lsada, oila, farzandlar sabab ham bunga vaqt topolmadim.
Yelena Ilyuninaning fikricha bugun salohiyatli yoshlar ko‘p. Imkoniyatlar ham shunga yarasha.
-Yoshlarimiz intiluvchan, zamonaviy. Ularga tanlagan kasblari bo‘yicha tajriba orttirishlarini, o‘qishlarini va o‘z ustilarida ishlashdan to‘xtamasliklarini tilagan bo‘lardim. O‘zimning ham ikki o‘g‘lim bor. Ko‘pincha mendan o‘g‘il bolalar bilan qiyin emasmi, deb so‘rashadi. Onalikning o‘zi baxt. Qiyinchiliklarga kelsak, hayotda nima yengil. Nimagadir erishish uchun albatta qandaydir qiyinchilikdan o‘tish lozim, shunda uning qadri ham boshqacha bo‘ladi. Farzandlarimga shuni muntazam ta’kidlayman.
Sizningcha ayollik baxti nimada? Qahramonimizga atalgan savollar orasida shundayi ham bor edi. Javob esa ish sohasi, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar chin ayollarga xos bo‘ldi.
Ayollik baxti – bu haqda har kimning o‘z tasavvuri va qarashlari bor. Shaxsan men uchun bu oilam va farzandlarim degani. Qachonki ayolning oilasi tinch, farzandlari sog‘lom bo‘lsa, uning ishida unum bo‘ladi. Barcha ayollarga aynan shunday baxtni tilayman.
“O‘zenergosozlash” MCHJ Matbuot xizmati