Farg‘ona issiqlik elektr markazi filialida energiya resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, Prezidentimizning PQ-77-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 348-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida izchil ishlar yo‘lga qo‘yilgan. (https://tpp.uz/oz/news/fargona-issiqlik-elektr-markazi-filialida-energiya-samaradorligini-oshirish-boyicha-tizimli-ishlar-olib-borilmoqda)
Xususan, filialni energetik tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqilib, mazkur yo‘nalishda “O‘zenergosozlash” MChJ bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlik doirasida korxonadagi barcha asosiy ishlab chiqarish sexlari kesimida energiya iste’moli ko‘rsatkichlari atroflicha o‘rganilmoqda.
Ayni paytda “O‘zenergosozlash” MChJning malakali mutaxassislari tomonidan joylarda o‘lchov ishlari, texnik tahlillar hamda energiya sarfi samaradorligini baholash jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlar ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, yoqilg‘i-energetika resurslari sarfini optimallashtirish, tannarxni kamaytirish hamda ekologik ko‘rsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan.
Farg‘ona issiqlik elektr markazi filiali tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash hamda mamlakatimiz energetika tizimini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Reja asosida “O‘zenergosozlash” MChJ Releli himoya va avtomatika sexi mutaxassislari tomonidan ochiq taqsimlash qurilmalarining zahira panellarida profilaktik tekshirish va sozlash ishlari olib borildi.
Ish davomida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘rganishlar davomida mavjud uskunalarning texnik holati chuqur tahlil qilinib, ularning moy sathi belgilangan me’yoriy talablarga mosligi sinchkovlik bilan nazoratdan o‘tkazildi.
Ko‘rik natijasida aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan mutaxassislar tomonidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Hozirda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, uskunalarning ishonchliligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli choralar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
“O‘zenergosozlash” MChJ hamda jamiyat Kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2026-yil 18-fevralda qabul qilingan qo‘shma qarorga muvofiq, korxonaning 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025-yildagi bajarilishini muhokama qilishga bag‘ishlangan mehnat jamoa konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya davomida jamoa shartnomasida belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlar, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, shartnoma ijrosi yuzasidan hisobotlar tinglanib, kelgusi davrdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar jamoa shartnomasining bajarilishini ijobiy baholab, korxonada mehnat munosabatlarini yanada mustahkamlash va xodimlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar.
“O‘zenergosozlash” MChJda “Ayolga ehtirom” shiori ostida “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir korxona ma’muriyati, kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda jamoa faollari tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Bayram tadbiriga korxonada samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, shuningdek, ko‘p yillar davomida korxona ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan faxriy ayol xodimlar taklif etildi. Tadbir davomida xotin-qizlarning jamiyat va ishlab chiqarish sohasidagi o‘rni, ularning fidokorona mehnati va kasbiy mahorati alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan xotin-qizlarga samimiy tilaklar bildirilib, ularning mehnatini qadrlash maqsadida esdalik sovg‘alari hamda ehtirom ramzi sifatida gullar taqdim etildi. Mazkur tadbir jamoada o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.