Bugun Toshkent davlat texnika universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash va ularning bandligiga ko‘maklashish maqsadida “Mehnat yarmarkasi – Karyera kuni” tadbiri tashkil etildi.
Unda respublikamizning 70 dan ortiq yirik korxonalaridan qariyb 200 nafar vakil ishtirok etdi. Jumladan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Toshkent issiqlik elektr markazi”, “Toshkent issiqlik markazi” hamda “O‘zenergosozlash” korxonalari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari va amaliyot dasturlarini taqdim etdilar.
Tadbir davomida mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Yarmarka jarayonida talabalar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, rezyume topshirish hamda ishga joylashish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur “Karyera kuni” talabalarning kelgusidagi professional faoliyatini belgilashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.