“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ 2026-yilga mo‘ljallangan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash dasturi doirasida bir guruh xodimlar Rossiya Federatsiyasining “PromResurs” o‘quv markazi tomonidan tashkil etilgan “Defektoskopist” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirmoqda.
Ma’lumki, kompaniya tizimida ishlab chiqarish jarayonlari asosan metall konstruksiyalar va uskunalarga tayanadi. Jumladan, gaz va bug‘ turbinalari, turbogeneratorlar, qozon-utilizatorlar hamda boshqa asosiy va yordamchi qurilmalar ishlab chiqarishning muhim ajralmas qismi hisoblanadi.
Shu bois mazkur yo‘nalish doirasida tashkil etilgan kurslarda xodimlar energoqurilmalarda xavfsiz ishlash va nazorat qilish (defektoskopiya) bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqdalar.
O‘quv dasturining birinchi bosqichi 2026-yil 13–17-aprel kunlari masofaviy (onlayn) shaklda o‘tkazildi. Ikkinchi bosqich esa 20–24-aprel kunlari an’anaviy (oflayn) tarzda tashkil qilindi.
Kurslarda Sirdaryo IES, To‘raqo‘rg‘on IES, Angren IES va Yangi Angren IES, shuningdek Toshkent IEM, Farg‘ona IEM va Muborak IEM hamda “O‘zbekenergota’mir” va “O‘zenergosozlash” korxonalari vakillari ishtirok etmoqda. O‘quv mashg‘ulotlari 24-aprelga qadar davom etadi.